Yuqori yuklamali tizimlar va ma’lumotlar infratuzilmasi (data-infratuzilma) sohasida yechimlar ishlab chiquvchi hamda integrator hisoblangan Data Scale kompaniyasi «UNIVERSAL BANK» ATB uchun Enterprise Service Bus (ESB) sinfidagi integratsion shinani ishlab chiqish va joriy etish loyihasi muvaffaqiyatli yakunlanganini e’lon qildi. Yaratilgan dasturiy ta’minot bankning ichki tizimlari, amaliy xizmatlar va tashqi tizimlar o‘rtasida yagona standart asosida, uzluksiz va kengaytiriladigan xabar almashinuvini ta’minlaydi.
Arxitektura va funksional imkoniyatlar
Ishlab chiqilgan integratsion shina Kubernetes boshqaruvi ostida ishlovchi mikroservislar majmuasidan iborat bo‘lib, umumiy marshrutlash qoidalari, ma’lumotlar formatlari bo‘yicha yagona standartlar hamda ishonchli yetkazib berish, monitoring va ekspluatatsiya uchun markazlashtirilgan texnologik muhitni taqdim etadi. Loyiha doirasidagi asosiy integratsiya yo‘nalishi bankning asosiy avtomatlashtirilgan tizimi bilan o‘zaro ishlashni tashkil etishdan iborat bo‘ldi.
Yechimning asosiy modullari:
Xabarlar brokeri (Message Broker) – ochiq kodli Apache Artemis platformasi asosida qurilgan. Xabarlarni yuqori darajadagi ishonchlilik bilan saqlash, moslashuvchan marshrutlash va navbat siyosatlariga muvofiq qayta yetkazib berishni ta’minlaydi.
Xabarlar marshrutizatori (Main Router) – kiruvchi xabarlarni qabul qiladi, jo‘natuvchining so‘ralgan yo‘nalish va amallar bo‘yicha ruxsatlarini tekshiradi, so‘rovlarni sozlanadigan qoidalar asosida kerakli adapter yoki servisga yo‘naltiradi hamda javoblarni qayta yetkazadi.
Maqsadli bank tizimi adapteri – so'rovlarni shinaning ichki formatidan ulanishi lozim bo‘lgan tizimning REST API formatiga va aksincha o'zgartirishni (transformatsiyani) amalga oshiradi. Unda idempotent qayta ishlash, deduplikatsiya, kafolatlangan yetkazib berish va tugunlar (uzel) ishdan chiqqan holatlarda barqaror ishlash mexanizmlari joriy qilingan.
Adapter CDC xizmati – PostgreSQL tranzaksiya jurnali (WAL)dagi o‘zgarishlarni Debezium vositasi orqali oqim rejimida o‘qiydi va tayyorlangan xabarlarni brokerga uzatadi.
Kuzatuv va monitoring tizimi – metrikalarni markazlashtirilgan yig‘ish va vizuallashtirish, barcha komponentlar loglarini agregatsiya va indeksatsiya qilish hamda tizim holatini nazorat qilish uchun health-check endpointlarini o‘z ichiga oladi.
Konfiguratsiya va joylashtirishni boshqarish tizimi – GitLab CI asosidagi avtomatlashtirilgan CI/CD jarayonlari hamda Kustomize va Helm vositalari yordamida infratuzilmani deklarativ boshqarishni ta’minlaydi.
Avtomatlashtirilgan testlash vositalari – Apache JMeter asosidagi End-to-End va sanity-tekshiruv ssenariylarini o‘z ichiga oladi.
Hal qilinayotgan vazifalar va qo‘llanish sohasi
Mazkur dasturiy ta’minot bankning ichki muhitida amaliy tizimlar o‘rtasidagi servis integratsiyasini tashkil etish uchun qo‘llaniladi. Integratsion shina mavjud bank tizimlari (jumladan, ABS) ustida abstraksiya vazifasini bajaradi, bu esa zarurat tug'ilganda foydalanuvchilar uchun tashqi interfeysni o'zgartirmasdan turib, alohida modullarni almashtirish imkonini beradi. Yagona transport qatlami yordamida bank marshrutlashni, yetkazib berish siyosatini va barcha integratsiyalar monitoringini markazlashgan holda boshqarish imkoniyatiga ega bo'ladi.
Data Scale bosh direktori Roman Solovyov shunday ta'kidladi: «"UNIVERSAL BANK" ATB uchun amalga oshirilgan loyiha — nuqtaviy integratsiyalardan boshqariladigan servis arxitekturasiga amaliy o‘tishning yorqin namunasidir. Biz shunchaki adapterlar to‘plamini emas, balki ishonchlilik, masshtablanuvchanlik va kuzatuvchanlik bo‘yicha zamonaviy talablarni qoplaydigan to‘liq funksional integratsion shinani yaratdik. Jamoamiz Apache Artemis, Debezium va Kubernetes kabi ochiq texnologiyalar hamda moslashuvchan CI/CD jarayonlariga tayandi. Bu qisqa muddatlarda prognoz qilinadigan natijaga erishish imkonini berdi. Bank jamoasiga konstruktiv hamkorlik va zamonaviy muhandislik amaliyotlarini joriy etishga tayyorligi uchun minnatdorchilik bildiraman.»
Istiqbollar va rivojlanish rejalari
Shinaning joriy etilishi asosiy bank tizimi bilan o'zaro hamkorlikni unifikatsiya qilish, yangi xizmatlarni bozorga olib chiqish vaqtini qisqartirish va asosiy tranzaksiya oqimlarining barqarorligini oshirish imkonini berdi. Kelajakda shina orqali qo'shimcha bank tizimlari va tashqi xizmatlarni ulash rejalashtirilgan.
Kompaniyalar haqida
Data Scale — banklar va moliya tashkilotlari uchun raqamli yechimlarni ishlab chiqish va joriy etishga ixtisoslashgan kompaniya. Data Scale xalqaro IT-loyihalarda ko'p yillik tajribaga ega hamda zamonaviy texnologiyalar va global amaliyotlarni chuqur biladigan ekspertlarni o'zida birlashtiradi. Kompaniya mijozlarga samaradorligi, xavfsizligi va uzoq muddatli rivojlanishiga yo'naltirilgan kompleks masshtablanuvchi yechimlarni yaratadi.
ATB “UNIVERSAL BANK” — jadal rivojlanayotgan moliyaviy institut bo‘lib, korporativ va chakana segmentlarda keng ko‘lamli xizmatlarni taklif etadi. Bank mijozlarga yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish, individual yondashuv hamda xizmatlar sifatini oshirish maqsadida raqamli texnologiyalarni faol joriy etishga alohida e’tibor qaratadi.